Rok

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Rok
Uslubiy ildizlari: Rok end roll, blyuz, kantri musiqasi
Madaniy ildizlari: 1940-lar oxiri, AQSh
Xos cholgʻu asboblari: Gitara, Bass, Dovul, baʼzan Sintezator
Mashhurligi: 1950-lardan beri butunjahon
Yaqin janrlar: Alternativ rok - Xevi metal - Pank rok
Aloqador mavzular
Bekbit - Rok opera - Rok guruhi - Rok madhiya - Ijtimoiy taʼsir


Rok musiqa (ing . rock music — roknroll soʻzidan) — ommabop musiqa turi. 1950-yillarda AQShda tijoratkoʻngilochar sanʼatining yangi (roknroll) shakli sifatida yuzaga kelgan (B.Xeyli, F. Domino, E. Presli, Ch. Berri). Oʻsha davrda keng tarqalgan "shirin ohang" qoʻshiqlar (F. Sinatra va boshqalar)ga qarshi oʻlaroq Rokda joʻshqin ritm, baland tovush (dinamika), gʻayratli va ehtirosli kuylash uslubi, qushiq matnlarida qoʻpol (adabsiz) iboralar keng oʻrin olgan. Rok ansambllar tarkibi asosini yakka xonanda, elektr (solo, ritm va bas) gitaralar va urma cholgʻular tashkil etadi. Ijro uslubi, ayniqsa, elektrogitaraning jarangdor, kuchli va taʼsirli ovozi, keng texnik va ifodaviy imkoniyatlar yordamida shakl topgan (J. Xendriks, R. Blekmor va boshqalar). 60-yillardan Rok Amerika va Yevropa yoshlarining jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy va axloqiy qadriyatlarga qarshi ijtimoiy (bitniklar, xippi, keyinchalik panklar va boshqalar) harakatlarning maʼnaviy asosi sifatida yirik madaniy jarayon boʻlib rivoj topgan. Bu davrda Yevropa (jumladan, Angliya) guruhlari ("The Beatles", "Rolling Stones" va boshqalar) Rok taraqqiyotiga alohida hissa koʻshgan. Tarixiy rivoji jarayonida Rok bir necha uslub va yunalishlarga ega boʻlgan. "Hardrok" ("ogʻir, qattiq rok" — "Led Zeppelin", "Black Sabbath", "Scorpions", "Nazareth" va boshqalar), "xevi metal" ("ogʻir metall" yoki "ogʻir qurollar" — "Black Sabbath", "Deep Purple", "Led Zeppelin", "Metallica", "Rammstein"), "psixodelik rok" ("Pink Floyd" va boshqalar), "artrok" (mumtoz musiqa namunalariga asoslangan rok — "Deep Purple", "Urian Heep", "Queen" va boshqalar), "folkrok" (Bob Dilan va boshqalar), "glemrok" ("jozibali, yoqimli rok" — "Kiss", E. Kuper va boshqalar), "pankrok" ("yomon, yaramas rok" — "Sex Pistols" kabi) va boshqa Oʻzbekistonda birinchi Rok guruhlari 1960-yillarning 2-yarmida paydo boʻlgan ("Kiberglar", 1967, "Sigma", 1968 va boshqalar). Ular repertuaridan Yevropa Rok namunalari bilan birga qayta ishlangan oʻzbek xalq kuylari, Oʻzbekiston kompozitorlari asarlari ham oʻrin olgan. 1970-yillarda asosan, folkrok ("Yalla", "Kvazarlar", "Navo" va boshqalar), jazrok ("Sintez", "Inter", "Sato" va boshqalar), keyinchalik xevimetal ("Reys 09", "Daumetal") kabi va boshqa uslublar rivoj topgan.

Olimjon Bekov.[1]

Rok, rok-musiqa (inglizcha rock) — 1950-yillarda paydo boʻlgan zamonaviy musiqa yoʻnalishi, shuningdek oʻziga xos turmush tarzi, submadaniyat. Atama butkul taʼriflanmagan, zero baʼzi musiqiy uslublarning rok-musiqaga aloqadorligi shubha ostidadir. Rok-musiqa keng tarmoqlangan: unga rok-n-rolldan metalgacha boʻlgan janrlar kiradi. Qoʻshiqlar matni ham turfa: yengil, quvnoq sheʼrlardan to falsafiy, depressiv mazmunlilarigacha. Rok-musiqa AQSh va Birlashgan Qirollikdan tarqalib, qoʻshiqlar butun dunyoda ingliz tilida kuylangan. Lekin keyinchalik deyarli har bir mamlakatda milliy rok-guruhlar paydo boʻla boshladi. SSSRga rok-musiqa 1960-yillarda kirib keldi. Shu yillarda Oʻzbekistonda, xususan Toshkentda ham rok-guruhlar yuzaga kela boshladi.

Musiqa[tahrir]

Rok-guruhlar odatda vokalchi, gitarachi, bas-gitarachi (koʻpincha elektrogitaralarda) va barabanchi, baʼzida esa klavishchidan iborat boʻladi. Bas-gitarachi va barabanchi musiqa fonidagi ritmni ushlab turishadi, soloni elektrogitara ijro etadi va vokalchi kuylaydi. Lekin hozirgi rok-guruhlar bu qoidaga qatʼiyan boʻysunmaydilar.

Gʻoya[tahrir]

Rok — yoshlarning minbari, ular bu minbardan turib jamiyatdagi qarama-qarshiliklar, turfa kayfiyatlar, meʼyorlar haqida musiqa yordamida eʼlon qilishadi. Biroq hozirda shou-biznes rok-musiqani qoʻl ostiga qisman kiritgan va undan asosan mablagʻ yigʻish uchun foydalanadi. Rok nafaqat musiqiy uslub, balki falsafa hamdir. Rok-madaniyatni jamiyatning marginallari tashkil etadi.

Tarix[tahrir]

Havolalar[tahrir]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil