Samarqand davlat chet tillar institutida bakalavriat bosqichida quyidagi yo’nalishlar bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi:
- 5111400 – Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili)
- 5112200 – Maktabgacha va boshlang’ich ta’limda xorijiy til (ingliz tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (ingliz tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (nemis tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (fransuz tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (ispan tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (italyan tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (koreys tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (xitoy tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (yapon tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (arab tili)
- 5120100 – Filologiya va tillarni o’qitish (rus tili)
- 5611501 – Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati
- 5120200 – Tarjima nazariyasi va amaliyoti (ingliz tili)
Bakalavriat – ta’lim yo’nalishi bo’yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, o’qish muddati 4 yildan kam bo’lmagan tayanch oliy ta’limdir.
Bakalavriat dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestasiyasi yakunlariga asosan ta’lim yo’nalishi bo’yicha «bakalavr» darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Bakalavr va magistrlik davlat namunasidagi diplom uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug’ullanish yoki tanlangan ta’lim yo’nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq, ta’lim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida o’qishni davom ettirish huquqini beradi.
Oliy ta’limning turli bosqichida asosiy ta’lim dasturlari bo’yicha dastlabki ta’lim olish, ikkinchi oliy ta’lim olish sifatida qaralmaydi.
SamDChTIda jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalari asosida bakalavriat bosqichida xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg’or pedagogik texnologiyalar asosida o’qish tashkil qilinadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi “Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibi to’g’risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 930-son qarori va O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 28 noyabrdagi 868-sonli buyrug’i asosida kechki (smenali) ta’lim tashkil etilgan.
Institutning talabalarining huquqlari
fan, texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;
institut axborot-resurs markazida mavjud bo’lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;
bepul maslahatlar va yo’l-yo’riqlar olish;
auditoriyalar, ta’lim jarayoniga oid vositalardan o’rnatilgan tartibda bepul foydalanish;
ta’lim jarayoni samaradorligi va ta’lim sifatini oshirish yuzasidan o’z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda institut ma’muriyati, dekanat va kafedra rahbariyatiga bildirish va ularning ko’rib chiqilishini talab qilish;
institut va fakultet miqyosida o’tkaziladigan ommaviy tadbirlarda ishtirok etish;
ilmiy tadqiqot ishlarining barcha turlarida, konferensiyalar, simpoziumlarda ishtirok etish, o’z ilmiy ishlarini nashrga, shu jumladan, SamDChTI nashrlariga taqdim etish;
institutda qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga a’zo bo’lish va ular ishida qatnashish;
SamDChTI ning muhim masalalarini muhokama etish va hal qilishda, shu jumladan, jamoat tashkilotlari hamda oliy ta’lim muassasasini boshqarish organlari orqali qatnashish;
-o’qishdan tashqari vaqtlarda ma’naviy-ma’rifiy, obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish va boshqa qonunchilikka zid bo’lmagan jamoat ishlarida ishtirok etish;
-o’qishdan bo’sh vaqtlarida oliy ta’lim muassasasining o’zida, shuningdek, boshqa joylarda mehnat qonunchiligiga muvofiq ishlash;
tanlangan yo’nalish (mutaxassislik) bo’yicha o’tiladigan fanlardan tashqari, SamDChTIda o’qitiladigan boshqa fanlarni o’z xohishiga ko’ra shartnoma asosida o’zlashtirish;
SamDChTI ma’muriyatining buyruq va farmoyishlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish;
sifatli va yuqori saviyada bilim olish, tanlangan yo’nalishi (mutaxassislik) bo’yicha yuqori malakali mutaxassis bo’lib yetishish uchun zarur bo’lgan qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa huquqlardan foydalanish.
Talaba o’z huquqlarini suiste’mol qilmasligi, bu huquqlardan o’zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.
Davlat grantlari bo’yicha va to’lov-shartnoma asosida o’qitishning kunduzgi shaklida ta’lim olayotgan talabalar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi tomonidan belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan ta’minlanadilar.
Talabalar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi, Islom Karimov, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug’bek, Beruniy nomidagi Davlat stipendiyalari, shuningdek boshqa nomdor stipendiyani olish huquqiga egadirlar.
Amaldagi qonun xujjatlariga asosan talabalarga harbiy xizmatni o’tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug’ish, bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’til berilishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq kunduzgi o’quv shaklida ta’lim olayotgan talabalarga institutda o’qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.
Institutning Turar joyga muhtoj talabalar (birinchi navbatda chin yetim, ota yoki onasini (boquvchisini) yo’qotgan, to’lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan va moddiy tomonidan qiynalayotgan talabalar) SamDChTIning talabalar turar joylaridan sanitariya me’yorlari va qoidalariga javob beradigan joy bilan ta’minlanadi. Talabalar turar joylarida talabalarga kommunal-maishiy xizmatlar uchun to’lovlar SamDChTI tomonidan belgilanadi va talabalar bilan tegishli shartnomalar tuziladi.
Institutdan o’z xohishi yoki uzrli sabablarga ko’ra chetlashtirilgan talaba, talabalar o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi va qoidalari asosida qayta o’qishga tiklanish huquqiga ega.
SamDChTIning talabalari belgilangan tartib va qoidalar asosida boshqa oliy ta’lim muassasalariga o’qishlarini ko’chirish huquqiga ega.
Institut talabalarining majburiyatlari
ta’lim jarayonida O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga, jamiyatning ahloqiy prinsiplariga, ma’naviy qadriyatlarga, SamDChTIning Ustavi, Ichki-mehnat tartib qoidalari, Odob-ahloq qoidalariga talabalar turar joylari qoidalariga qat’iy rioya qilish;
oliy ta’limning ta’lim dasturlari va o’quv rejasida nazarda tutilgan bilimlarni egallash;
o’quv mashg’ulotlarini uzrli sabablarsiz qoldirmaslik, darsga kech qolib kelmaslik;
ta’lim jarayonida, shu jumladan o’quv dasturlarida belgilangan vazifalarni va topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda va sifatli bajarish;
o’z kursdoshlari, talabalar, pedagoglar va boshqa xodimlar bilan hushmuomalada bo’lish;
kiyinish madaniyatiga rioya qilish. Tashqi ko’rinishi va yomon hulq-atvori bilan boshqalardan ajralib turmaslik, axloq-odob normalariga so’zsiz bo’ysunish.
Institut hududida talabalarga quyidagilar ta’qiqlanadi:
diniy mazmundagi yozma yoki elektron vositalardagi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish;
milliy, irqiy, diniy adovatni targ’ib qiluvchi har qanday shakldagi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish, targ’ib qilish;
har qanday ko’rinishga ega nojo’ya harakatlarni va boshqa turdagi huquqbuzarliklarni sodir etish;
institut binolari va hududidagi moddiy-texnik va boshqa mulklarga zarar yetkazish;
o’qish vaqtida SamDChTI ma’muriyati ruxsatisiz chet el davlatlariga borish.
O’zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, talabalarni o’qish vaqti hisobidan ta’lim jarayoni bilanbog’liq bo’lmagan ishlarga jalb etish man etiladi.
Ushbu Ustav va SamDChTIning Ichki mehnat tartib va Odob-ahloq qoidalarida nazarda tutilgan majburiyatlarni buzgan taqdirda talabaga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo’llaniladi: hayfsan e’lon qilish, talabalar safidan chetlashtirish.
Belgilangan muddatlarda fanlarni o’zlashtira olmagan (akademik qarzdor bo’lgan) talaba SamDChTI rektori buyrug’i asosida kursdan qoldiriladi.
Talabainstitutdan quyidagi hollarda talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin:
a) o’z xohishiga binoan;
b) o’qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko’chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
g) o’quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
ye) o’qish uchun belgilangan to’lov o’z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to’lov-shartnoma bo’yicha tahsil olayotganlar uchun);
j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
z) vafot etganligi sababli.
21. Institut ma’muriyatining tashabbusi bilan institut Ustavi 20 - bandining "ye)" kichik bandiga ko’ra talabalarni o’qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi a’zosi bo’lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Ustavning 20-bandi "g)" kichik bandiga ko’ra chetlashtirilayotgan holda, O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqining SamDChTIdagi boshlang’ich tashkiloti yoshlar yetakchisi bilan ham kelishilishi mumkin.
Talaba chetlashtirilganda, unga (ota-onasi yoki huquqiy vasiysiga ularning arizasi bilan) shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig’ma jildga tikib qo’yiladi.
Talabaga qo’llanilgan intizomiy jazo chorasining qonuniyligi va adolatliligi yuzasidan u norozilik bildirishi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli organlarga murojaat etishi mumkin.
Talabaga nisbatan qo’llanilgan intizomiy jazo yuzasidan ma’lumot uning shaxsiy yig’ma jildida saqlanadi.
Intizomiy jazolar talabalarning kasallik yoki ta’tilda bo’lgan vaqti hisobga olinmagan holda xatti-harakat aniqlangandan so’ng bir oydan va xatti-harakat sodir etilganidan so’ng olti oydan kechiktirilmay qo’llaniladi. Talabalarni kasallik vaqtida, akademik ta’til yoki homiladorlik va tug’ish holati bilan bog’liq bo’lgan ta’til vaqtlarida talabalar safidan chetlashtirish mumkin emas.
Kasalligi tufayli darslarga qatnashmagan talaba (yoki uning ota-onasi) bir hafta muddatdan kechiktirmasdan fakultet rahbariyatiga bu xaqda xabar beradi va talaba o’qishga kelgan kuni tibbiy ma’lumotnomani taqdim etadi.
Talabalar tomonidan SamDChTI hududi va xonalarida mobil telefonlardan foydalanishlari O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
SamDChTI qoshida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 29 iyuldagi “Respublika o’quvchi-yoshlariga va talabalariga chet tillarni keng ko’lamda o’qitish tizimini ommalashtirish va uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish to’g’risida”gi 197-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan Mintaqa til o’rgatish markazida, institut qoshidagi Konfusiy institutida o’qiyotgan shaxslar tinglovchilar hisoblanadi. Markaz o’quvchilarga shartnoma asosida chet tillarni uzluksiz o’rganishni, shuningdek, o’qituvchilar va boshqa hodimlarni chet tillarni o’rganish bo’yicha rejasini amalga oshirishni, O’zbekiston fuqarolariga xorijiy tillarni, xorijiy fuqarolarga hamda fuqarolikka ega bo’lmagan shaxslarga o’zbek, rus va boshqa tillarni jadal uslubda kelishilgan hajmda va muddatda o’tishni ta’minlaydi. Tinglovchilarni o’qitish shartlari va huquqlari qonun hujjatlariga muvofiq tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.