OOP PHP asosiy atamalari
Kim uchundir foydali bo’ladi, degan maqsadda obyektga yo’naltirilgan dasturlashninig PHP tili uchun ko’p ishlatiladigan eng asosiy atamalarini qisqacha sharhlab o’tmoqchiman. Bilganlar uchun takrorlash, bilmaganlar uchun esa yangi narsalarni o’rganish uchun yaxshi imkoniyat bo’ladi, degan umiddaman. Quyida har bir atamani ingliz tilidagi ko’rinishida keltiraman.
Object
Obyektga yo’naltirilgan dasturlashning ajralmas qismi bo’lib, har qanday narsaga obyekt sifatida qarashga yordam beradi. Real hayotdagi har bir narsani dasturlashda obyekt, deb olish mumkin va real hayot muammolarini hal qilishda ishlatish mumkin.
Constructor function
Ishga tushirish uchun chaqirish shart bo’lmagan funksiya. Bu funksiya obyektning nusxasi yaratilganda avtomatik ishga tushadi.
Inheritance
Bir obyektning boshqa bir obyektdan xususiyatlarni o’zlashtirib olishi. O’zlashtirayotgan obyekt o’zidan yuqori turuvchi obyektning barcha imkoniyatlariga ega bo’ladi va o’ziga xos qo’shimcha imkoniyatlarni ham yaratishi mumkin bo’ladi.
Encapsulation
Ma’lumotni alohida birlik sifatida qamrab olishni bildiradi. Buni har qanday obyektning metodlarida ko’rishingiz mumkin. Har bitta metod o’ziga xos ma’lumot birligi sifatida ko’rinadi.
Public functions
Hamma joydan va hamma tomonidan foydalanish mumkin bo’lgan funksiyalar.
Private functions
Faqat o’zi yaratgan class tomonidan foydalanishi mumkin bo’lgan funksiyalar.
Protected functions
Bunday funksiyalardan o’zi yaratgan class va bu classni kengaytirgan classlar ham foydalanishi mumkin. Protected funksiyalarni Private funksiyalarning yanada kengaytirilgan shakli, deb tushunishimiz mumkin.
Abstract class
Bunday classlarning funksiyalari e’lon qilingan bo’ladi, ammo oxiriga yetkazilmaydi. Classlardan nuxsa olgan boshqa classlar abstract funksiyalarni o’zlari istaganday o’zgartirishlari mumkin.
Interface
Bitta class ko’p classlarni kengaytira olmaydi. Bunday holatga interface orqali yechim topish mumkin bo’ladi. “implements” kalit so’zi yordamida class bir nechta boshqa classlardan nuxsa olishi mumkin.
Static members
Har qanday statik o’zgaruvchi yoki funksiya classni ishga tushirmasdan chaqirilishi mumkin.
Polymorphism
Turli shakl yoki ko’rinishni ifodalovchi bu atama bitta umumiy classning turli shakldagi boshqa classlar tomonidan kengaytirilib ishlatilishini anglatadi.
Namespace
Bitta nom ostida ikki yoki undan ortiq class yaratish imkonini beradi.
Type hinting
Metod funksiyaga berilayotgan ma’lumot qaysi turga mansub ekanligini ko’rsatish uchun ishlatiladi.
OOP PHP sohasida yuqoridagi atamalar hamma tushunchalarni qamrab olmaydi. Obyektga yo’naltirilgan dasturlashni chuqurroq o’rganish uchun boshqa tushunchalarni ham bilishingiz kerak.